HUDUDIY IJRO ORGANLARIDA RAHBAR KADRLAR SIYOSATI VA AMALDAGI INSTITUTSIONAL-HUQUQIY ASOSLAR
Abstract
Zamonaviy davlat boshqaruvi tizimida hududiy ijro hokimiyati organlarining samarali faoliyat yuritishi ko‘p jihatdan rahbar kadrlarning kasbiy salohiyati, boshqaruv kompetensiyalari va strategik qarorlar qabul qilish qobiliyatiga bog‘liq. Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash, davlat dasturlarining joylardagi ijrosini tashkil etish, mavjud resurslardan oqilona foydalanish va aholiga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini oshirish rahbar kadrlar oldiga yangi talablarni qo‘ymoqda. O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish doirasida rahbar kadrlarni tanlash va tayinlashning institutsional-huquqiy asoslarini takomillashtirish ustuvor vazifalardan biri sifatida qaralmoqda. Ayniqsa, davlat fuqarolik xizmatida ochiq tanlov mexanizmlarini kengaytirish, rahbarlarning kasbiy kompetensiyalarini obyektiv baholash, istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish va boshqaruv natijadorligini oshirishga qaratilgan islohotlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, hududiy ijro organlarida rahbar kadrlar siyosatini faqat ma’muriy tayinlovlar tizimi sifatida emas, balki inson kapitalini strategik boshqarish, institutsional barqarorlikni ta’minlash va hududiy rivojlanish natijalariga erishishning muhim mexanizmi sifatida tadqiq etish zarur.