1930-YILLARDA O‘ZBEKISTON TA’LIM SOHASI XODIMLARIGA NISBATAN SIYOSIY TANQID VA BOSIMNING DAVRIY MATBUOTDA AKS ETISHI
Keywords:
O‘zbekiston SSR, ta’lim tizimi, o‘qituvchi, pedagog kadrlar, davriy matbuot, siyosiy nazorat, mafkuraviy nazorat, attestatsiya, siyosiy tanqid, “siyosiy hushyorlik”, 1930-yillariAbstract
Mazkur tezisda 1930-yillarda O‘zbekiston ta’lim tizimi xodimlari faoliyatining davriy matbuotda siyosiy-mafkuraviy mezonlar asosida baholanishi hamda pedagog kadrlar ustidan nazoratning kuchayishi tahlil qilinadi. Davrning umumiy ijtimoiy-siyosiy va maxsus pedagogik nashrlari asosida o‘qituvchi, maktab rahbari va maorif xodimlariga qo‘yilgan kasbiy talablarning siyosiy sadoqat, “sinfiy” yondashuv va “siyosiy hushyorlik” talablari bilan tobora uzviy bog‘lanib borgani ko‘rsatiladi. Matbuotdagi tanqid, “fosh etish”, attestatsiya va ma’muriy nazorat mexanizmlarining o‘zaro aloqasi ochib beriladi. Shuningdek, “xalq dushmani”, “zararkunanda”, “millatchi” singari siyosiy ayblovlar tarixiy voqelikni bevosita tasdiqlovchi fakt sifatida emas, balki davr siyosiy diskursi va stigmatizatsiya amaliyotining manbaviy ko‘rinishi sifatida baholanadi. Tadqiqot natijasida 1930-yillarning ikkinchi yarmiga kelib pedagogning kasbiy faoliyati, ta’lim sifati va boshqaruvdagi kamchiliklarni siyosiy kategoriyalar orqali izohlash tendensiyasi kuchaygani aniqlanadi.