KANALIZATSIYA NASOS STANSIYALARI ISH FAOLIYATINI GIGIYENI-TEXNIK JIHATLARI.
Abstract
Dolzarblik. Bugungi kunda shaharlar va aholi punktlarida kanalizatsiya tizimlarining uzluksiz va samarali ishlashi sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlashning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Kanalizatsiya nasos stansiyalari (KNS) oqava suvlarni qabul qilish, uzatish va tozalash inshootlariga yetkazib berishda asosiy texnologik bo‘g‘in sifatida xizmat qiladi. Ularning ishonchli va samarali faoliyati atrof-muhit muhofazasi, aholi salomatligini saqlash hamda kommunal infratuzilmaning barqaror ishlashini ta’minlaydi. Kanalizatsiya nasos stansiyalarini ekspluatatsiya qilish jarayonida ishchilar vodorod sulfid, ammiak, metan kabi zararli gazlar, yuqori namlik, noqulay mikroiqlim, shovqin, vibratsiya va biologik omillar ta’siriga duch keladilar. Ushbu omillar mehnat sharoitlarining yomonlashishiga, kasbga oid kasalliklar rivojlanishiga hamda ish qobiliyatining pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, nasos stansiyalarida sanitariya-gigiyena va texnik ekspluatatsiya talablariga to‘liq rioya etilmasligi atrof-muhitning ifloslanishi va aholi uchun sanitariya-epidemiologik xavflarning ortishiga olib keladi.