KREVETKALARNING SUV EKOTIZIMLARI OZIQ-OVQAT ZANJIRIDAGI AHAMIYATI VA BALIQCHILIK XO‘JALIKLARIDAGI TROFIK O‘RNI
Keywords:
Kalit so‘zlar: krevetka, gidrobiont, suv ekotizimi, oziq zanjiri, trofik daraja, zooplankton, detrit, baliqchilik, polikultura, tabiiy ozuqa, akvakultura, biologik mahsuldorlik.Abstract
Annotatsiya. Mazkur tezisda krevetkalarning suv ekotizimlaridagi ekologik va trofik ahamiyati, ularning oziq-ovqat zanjiridagi o‘rni hamda baliqchilik xo‘jaliklarida tabiiy ozuqa komponenti sifatidagi roli tahlil qilingan. Krevetkalar suv ekotizimlarida turli trofik pog‘onalarni o‘zaro bog‘lovchi muhim gidrobiontlar guruhidan biri hisoblanadi. Ular fitoplankton, zooplankton, detrit, perifiton va mayda organik zarrachalar bilan oziqlanish orqali birlamchi ishlab chiqaruvchilarda to‘plangan organik moddalarni yuqori trofik darajadagi organizmlarga uzatadi. Shu sababli krevetkalar “fitoplankton–zooplankton–krevetka–baliq” hamda “detrit–krevetka–baliq” kabi oziq zanjirlarining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Baliqchilik xo‘jaliklarida krevetkalar ayrim baliq turlari, ayniqsa tabiiy oziqa bilan oziqlanuvchi yosh baliqlar uchun oqsil, lipid, mineral moddalar va boshqa biologik faol komponentlarning tabiiy manbai bo‘lib xizmat qiladi. Krevetkalarning rivojlanish darajasi suvning harorati, kislorod rejimi, sho‘rlanish, organik moddalar miqdori, fitoplankton va perifiton biomassasi kabi omillarga bog‘liq. Tezisda krevetkalardan baliqchilik xo‘jaliklarida tabiiy ozuqa bazasini shakllantirish, polikultura tizimlarining mahsuldorligini oshirish va suv ekotizimlarining trofik muvozanatini saqlashda foydalanish istiqbollari ko‘rib chiqilgan.