TEMURIYLAR DAVRI MADANIY-MA’NAVIY HAYOTIDA NAQSHBANDIYA MUTASAVVIFLARINING O‘RNI
Abstract
XIV-XV asrlarda Markaziy Osiyo hududida kechgan madaniy, ilmiy va ma’naviy yuksalish jarayoni jahon tarixshunosligida «Temuriylar renessansi» deb nom olgan. Bu davr nafaqat aniq va tabiiy fanlar, me’morchilik va tasviriy san’atning, balki islom falsafasining oliy bosqichi bo‘lmish tasavvuf ta’limotining ham eng gullagan davri hisoblanadi. Temuriylar davri ma’naviy hayotini Naqshbandiya tariqatisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Negaki, ushbu tariqat vakillari faqatgina tarkidunyochilik bilan mashg‘ul bo‘lmasdan, davlat boshqaruvi, ijtimoiy barqarorlik, ilm-fan va adabiyot rivojiga bevosita ta’sir ko‘rsatganlar. Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston poydevorini yaratishda ajdodlarimizning ma’naviy merosini, xususan, Naqshbandiya tariqatining xalqparvarlik, halol mehnat va vatanparvarlik g‘oyalarini ilmiy tadqiq etish nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etadi.