TAQSIMOT JARAYONIDA KAFEDRA MUDIRI UCHUN FUNKSIONAL MODUL

Authors

  • S.M.Saidov Author
  • M.O.Abdurahmatova Author
  • F.M.Saidova Author

Abstract

Zamonaviy oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini samarali tashkil etish va boshqarish masalalari tobora murakkablashib bormoqda. Ayniqsa, kafedra darajasida o‘quv yuklamasini shakllantirish va uni professor-o‘qituvchilar o‘rtasida adolatli taqsimlash muhim boshqaruv vazifalaridan biri hisoblanadi. Ushbu jarayon nafaqat ta’lim sifatiga, balki professor-o‘qituvchilarning ish samaradorligi, ularning mehnat motivatsiyasi hamda umumiy o‘quv jarayonining uzluksizligiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. An’anaviy yondashuvlarda o‘quv yuklamasini taqsimlash ko‘pincha qo‘lda yoki oddiy ofis dasturlari yordamida amalga oshiriladi. Bunday usullar esa katta hajmdagi ma’lumotlar bilan ishlashda noqulaylik tug‘diradi, ko‘p vaqt talab qiladi va inson omiliga bog‘liq xatoliklar yuzaga kelish ehtimolini oshiradi. Shu sababli mazkur jarayonni avtomatlashtirish, uni zamonaviy axborot texnologiyalari asosida tashkil etish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Taklif etilayotgan axborot tizimida kafedra mudiri uchun maxsus funksional modul ishlab chiqilgan bo‘lib, u o‘quv yuklamasini shakllantirish va taqsimlash jarayonlarini kompleks tarzda boshqarishga xizmat qiladi. Ushbu modul orqali kafedra mudiri barcha zarur ma’lumotlarni yagona muhitda ko‘rib chiqishi, ularni tahlil qilishi va asoslangan qarorlar qabul qilishi mumkin. Modul foydalanuvchiga qulay interfeys orqali fanlar, guruhlar, o‘qituvchilar va yuklamalar bilan ishlash imkoniyatini taqdim etadi. Mazkur modulning asosiy vazifasi o‘quv reja asosida shakllangan yuklama fondini professor-o‘qituvchilar o‘rtasida ularning malakasi, ilmiy darajasi, tajribasi hamda bandlik stavkasini inobatga olgan holda optimal taqsimlashdan iborat. Shu bilan birga, tizim yuklama taqsimoti jarayonida shaffoflik va adolatlilik tamoyillarini ta’minlaydi hamda barcha hisob-kitoblarni avtomatik tarzda amalga oshiradi. Bundan tashqari, modul zamonaviy yondashuvlar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda bir nechta guruhlar uchun yuklamani bir vaqtning o‘zida biriktirish, ma’ruza patoklarini shakllantirish hamda semestrlar kesimida ma’lumotlarni alohida saqlash imkoniyatlari mavjud. Bu esa tizimni yanada moslashuvchan va kengaytiriluvchan qiladi.

References

Published

2026-06-05