INTERLOK TOʻQIMASI ASOSIDA SPORT KIYIMLARI ISHLAB CHIQARISHGA IXTISOSLASHGAN KORXONANI LOYIHALASH
Abstract
Hozirgi kunda dunyo miqyosida sport va sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishning ortishi natijasida sport kiyimlariga bo‘lgan talab ham sezilarli darajada oshib bormoqda. Sport kiyimlari inson organizmining fiziologik xususiyatlariga mos bo‘lishi, harakat davomida qulaylik yaratishi, namlikni tashqi muhitga chiqarishi va uzoq muddat foydalanilganda ham o‘z sifat ko‘rsatkichlarini saqlab qolishi lozim. Shu sababli sport kiyimlari ishlab chiqarishda zamonaviy trikotaj to‘qimalardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday materiallar orasida interlok to‘qimasi o‘zining yuqori sifat ko‘rsatkichlari bilan alohida ajralib turadi. Interlok to‘qimasi ikki ignadonli mashinalarda ishlab chiqariladigan qo‘sh qavatli trikotaj to‘qima bo‘lib, uning old va orqa tomonlari bir xil ko‘rinishga ega. To‘qimaning bunday tuzilishi unga yuqori zichlik, yaxshi shakl saqlash xususiyati va mustahkamlik beradi. Interlok matolari yumshoqligi, elastikligi va havo o‘tkazuvchanligi sababli sport kiyimlari ishlab chiqarishda keng qo‘llaniladi. Ayniqsa, yugurish, fitness, futbol, voleybol va boshqa faol harakatlarni talab qiluvchi sport turlari uchun mo‘ljallangan kiyimlarda interlok matolari samarali hisoblanadi.