EKLAMPSIYADA YO'LDOSH QON TOMIRLARINING MORFOLOGIK QAYTA QURILISHI: KLINIK-PATOLOGIK TAHLIL
Abstract
Mavzuning dolzarbligi: Eklampsiya homiladorlikning eng og'ir asoratlaridan biri bo'lib, ona va homila hayoti uchun yuqori xavf tug'diradi hamda ko'pincha preeklampsiyaning terminal bosqichi sifatida namoyon bo'ladi. Ushbu patologiya organizmda tizimli vaskulopatik o'zgarishlar, yurak-qon tomir va markaziy nerv tizimi faoliyatining og'ir buzilishlari bilan tavsiflanadi. Eklampsiya rivojlanishining patogenezi murakkab bo'lib, hozirgi kunga qadar to'liq o'rganilmagan. So'nggi yillarda olib borilgan morfologik va gistopatologik tadqiqotlar ushbu kasallik patogenezida yo'ldosh (platsenta) markaziy o'rin tutishini ko'rsatmoqda. Yo'ldosh ona va homila o'rtasida gazlar, oziq moddalar hamda metabolitlar almashinuvini ta'minlovchi muhim organ bo'lib, undagi qon tomir tizimining normal rivojlanishi fiziologik gestatsiyaning muvaffaqiyatli kechishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Eklampsiyada yo'ldosh qon tomirlarida vaskulopatik o'zgarishlar, tromboz, gialinoz, skleroz hamda boshqa patomorfologik o'zgarishlar rivojlanadi. Mazkur o'zgarishlar fetoplatsentar yetishmovchilikning shakllanishiga, homila gipoksiyasiga va perinatal asoratlar xavfining ortishiga olib keladi. Eklampsiya homiladorlik davrida kuzatiladigan og'ir gipertenziv sindrom bo'lib, odatda preeklampsiya fonida rivojlanadi. So'nggi o'n yilliklarda xalqaro miqyosda o'tkazilgan ilmiy tadqiqotlarda eklampsiya patogenezining molekulyar va morfologik mexanizmlariga alohida e'tibor qaratilgan. Roberts va hammualliflari (2013), Redman va Sargent (2010), Burton va hammualliflari (2019) o'z tadqiqotlarida kasallikning asosiy patogenetik mexanizmi sifatida yo'ldosh spiral arteriyalarining fiziologik remodellasiyasi yetarli darajada kechmasligi hamda endotelial disfunksiyani qayd etganlar. Natijada fetoplatsentar qon aylanishi buziladi, yo'ldosh gipoksiyasi rivojlanadi va trofoblastlarning invaziv faolligi yetarli darajada amalga oshmaydi.