CHEKUVCHI BEMORLARDA UMUMIY ANESTEZIYA BILAN BOG‘LIQ RESPIRATOR O‘ZGARISHLAR
Keywords:
Chekuvchi bemorlarda umumiy anesteziya vaqtida yuzaga keladigan nafas tizimi o‘zgarishlarini baholash, perioperatsion respirator asoratlarning asosiy xavf omillarini aniqlash hamda ularni erta tashxislash va oldini olishga qaratilgan anesteziologik yondashuvlarning samaradorligini asoslash.Abstract
Chekuvchi bemorlarda umumiy anesteziya fonida nafas tizimining funksional zaxirasi pasaygani sababli perioperatsion respirator asoratlar rivojlanish xavfi yuqori bo‘ladi. Tamaki tutunining uzoq muddatli ta’siri bronxial shilliq qavatning surunkali yallig‘lanishi, kiprikchali epiteliy faoliyatining susayishi, bronxial sekretning ko‘payishi va mukotsiliar klirensning buzilishiga olib keladi. Natijada nafas yo‘llarining reaktivligi ortib, bronxospazm, yo‘tal va bronxial obstruksiya rivojlanishiga moyillik kuchayadi. Umumiy anesteziya davrida ushbu o‘zgarishlar traxeya intubatsiyasi, anestetik vositalar, opioidlar va nerv-mushak blokatorlarining ta’siri bilan qo‘shilib, alveolyar gipoventilyatsiya, ventilyatsiya-perfuziya nomutanosibligi va gipoksemiyani yuzaga keltirishi mumkin. Ayniqsa chekuvchilarda funksional qoldiq sig‘imning kamayishi va kichik nafas yo‘llarining erta yopilishi atelektaz shakllanishiga sharoit yaratadi. Operatsiyadan keyingi davrda yo‘tal refleksining susayishi va balg‘amning to‘planishi bronxial drenajni yomonlashtirib, atelektaz hamda o‘pka infeksiyalari xavfini oshiradi. Chekish intensivligi va davomiyligi ham perioperatsion xavfni baholashda muhim hisoblanadi.