XIVA VA QO‘QON XONLIKLARI O‘RTASIDAGI DIPLOMATIK MUNOSABATLAR: ELCHILIK ALOQALARI VA OʻZARO KELISHUVLARNING TAHLILI.
Keywords:
Xiva xonligi, Qo‘qon xonligi, diplomatiya, elchilik aloqalari, muhabbatnoma, harbiy-siyosiy ittifoq, Buxoro amirligi, Muhammad Rahimxon I, Umarxon, Ogahiy, Rossiya imperiyasi.Abstract
Maqolada XVIII–XIX asrlarda Xiva va Qo‘qon xonliklari o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar elchilik almashinuvi, maktub va sovg‘a-salomlar, harbiy-siyosiy ittifoq hamda savdo-iqtisodiy manfaatlar kesishuvi nuqtai nazaridan tahlil etiladi. Tadqiqotda Muhammad Hakimxon to‘ra, Ogahiy kabi mahalliy tarixiy asarlar, shuningdek Rossiya imperiyasi harbiy-siyosiy xotiralari va zamonaviy ilmiy tadqiqotlar qiyosiy o‘rganiladi. 1815-yilda Umarxon tomonidan Xorazmga yuborilgan dastlabki elchilik, 1820–1822-yillardagi Istanbul elchiligining Xorazm orqali tranzit harakati, 1821-yil atrofidagi Buxoroga qarshi ittifoq hamda 1843–1849-yillardagi o‘zaro elchilik aloqalari muntazam diplomatik an’ananing shakllanganini ko‘rsatadi. Aloqalarning mazmunida Buxoro amirligining mintaqaviy ta’siriga qarshi manfaatlar uyg‘unligi, karvon yo‘llari xavfsizligi va boj masalalari muhim o‘rin tutgani asoslanadi. Shuningdek, 1873-yilgi Xiva yurishi va 1876-yilda Qo‘qon xonligining tugatilishi mustaqil diplomatik aloqalar tizimini keskin qisqartirgani, biroq ularning barcha ko‘rinishlarini birdaniga yo‘q qilmay, siyosiy-diplomatik shaklini o‘zgartirgani xulosa qilinadi.